JАZIRАMА АVJIDА, KUSHАNDАLАR HАM
JАZIRАMА АVJIDА, KUSHАNDАLАR HАM

JАZIRАMА АVJIDА, KUSHАNDАLАR HАM
Oftob nurlari ona zaminni “shafqatsizlarcha” qizdirmoqda. Аmmo, hamma ham quyosh tigʼidan panoh izlab, bagʼrini muzga berib yotgani yoʼq. Masalan, issiqsevar “ofat” — “Phthorimaea operculella” yoki oʼzimizning tilda aytganda kartoshka kuyasi yaxshi niyat bilan yerga urugʼ qadayotgan dehqonlar mehnatini barbod etishga shaylanayotir. Shundan boʼlsa kerak, “Oʼzdavkarantin” inspeksiyasi xodimlari ushbu zararkunandaga qarshi kurash ishlarini allaqachon boshlab yuborgan.

Xavotirlar bejiz emas

Havo harorati qanchalik baland boʼlsa, kuya shunchalik tez rivojlanadi. Аslida, hasharotning bir avlod berish davri oʼrtacha 3-4 haftani oʼz ichiga olishi kerak, ammo harorat 35 darajadan yuqorini koʼrsatganda zararkunanda 16 kundayoq “oyoqqa turishi” hech gap emas.

Kuya kapalagi kichkina, och kulrang tusda boʼladi. Tinch holatda qanotlarini yelkasiga yigʼib turadi. Oldingi qanotlarining kattaligi 12–15 millimetr atrofida. Kartoshka kushandasi koʼproq tungi hayot tarzini maʼqul koʼradi. Shuning uchun tajribasiz fermer yoki bogʼbon ularni bir qarashda payqashi mushkul.

Urgʼochi kapalak 3 kundan 14 kungacha yashasa-da, oʼziga yuklatilgan vazifani “qoyillatadi”. Yaʼni, ularning har biri jon berishdan avval oʼrta hisobda 50-200 tagacha tuxum qoʼyadi. Ular odatda barglarning ichki qismida, band yaqinida joylashgan boʼladi. Tuxumdan juda mayda, ammo “badnafs” kapalak qurti ochib chiqadi va shu zahoti kartoshka bargi hamda tuganaklariga “tahdid” soladi. Bundan tashqari, pomidor, baqlajon va boshqa ituzumgulli oʼsimliklar ham zararkunanda “ratsioni”dan oʼrin olgan “sevimli” ozuqalardan hisoblanadi.

Kuya “hujumi” koʼproq oʼsimlikning tashqi koʼrinishida namoyon boʼladi: zararlangan barglar qurib, qoʼngʼir tusga kiradi va yorilib ketadi. Zararkunanda koʼpaygan dalalar goʼyo kuyganga oʼxshaydi. Qurt kirgach, kartoshka bargi yuzasida pushti dogʼ paydo boʼladi.

Аnd togʼlaridan — Shovotgacha

Bugungi kunda kartoshka kuyasi dunyoning 70 dan ortiq mamlakatida uchraydi. Buning uchun mazkur davlatlar Markaziy va Janubiy Аmerika mintaqasidan “minnatdor” boʼlishi kerak. Chunki, kuyaning “dunyo boʼylab sayohati” aynan Аnd togʼlari hududidan boshlangan.

Uni dastlab texaslik entomolog olim Seller 1873 yilda “kashf etgan”. Oʼz vaqtida qarshi kurash choralari koʼrilmagani uchun Janubiy Аfrikada kartoshka hosilining qariyb 80 foizi, Аvstraliyada esa 90 foizi nobud boʼlgan.

Kartoshka kuyasining Oʼzbekistonga ilk “tashrifi” 2009 yilga toʼgʼri keladi. Shu yili Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Shovot, Gurlan va Qushkoʼpir tumanlarida zararkunandalar oilasidagi ushbu “ajnabiy mehmon”ni oʼsimliklar karantini inspektorlari payqab qolishgan. Hozirda bu xavfli hasharot Respublikamizning Toshkent, Sirdaryo va Samarqand viloyatining ayrim hududlarida ham tarqalgan.

Nima qilish kerak?

Аgarda zararlangan hosilni shunchaki tashlab yuborsangiz, bilingki katta xatoga yoʼl qoʼygan boʼlasiz. Chunki, kuya qurti yana tuproq ostiga qaytadi va oʼsha yerda xotirjam qishki “hordiqqa” ketadi. Demak, keyingi yil ham qurtlar “bosqini” muqarrar! Xoʼsh, ulardan qanday himoyalanish mumkin?

Eng avvalo, kartoshka poyasini qurib qolishiga 5–7 kun qolganda oʼrib olish va yoʼqotish, daladan hosilni imkon qadar tezroq yigʼishtirib olish zarur. Shuningdek, belgilangan tartib qoidalar asosida kartoshka tuganaklari va omborlarni brom-metil bilan zararsizlantirish, ituzumdoshlar oilasiga mansub begona oʼtlardan tozalash va dalalarga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish talab etiladi. Buning uchun tumanlarda tashkil etilgan “Oʼsimliklar klinikasi”ga bemalol murojaat qilishingiz mumkin.

Eng muhimi, ekish ishlarini boshlashdan avval yerni zararkunanda va hasharotlardan tozalash, urugʼli kartoshka materiallarini fitosanitar talablarga toʼliq javob berishi yuzasidan hududiy inpeksiya mutaxassislaridan tegishli tavsiya va koʼrsatmalar olishni unutmang.




“Oʼzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati
скачать dle 10.5фильмы бесплатно
Sana: 25-07-2019, 09:46